Beshinchi TAF!23 Toshkent reklama festivali g‘oliblarni e’lon qildi
Beshinchi TAF!23 Toshkent reklama festivali yakunlandi. 7 oktyabrda, tantanali taqdirlash marosimida iste’molchilar ovoz berishining natijalari bo‘yicha «2023 yil reklamasi» tanlovning g‘oliblari, shuningdek mahalliy va xalqaro tanlov hay’atlarining fikriga ko‘ra TAF!23 tanlovi g‘oliblarining nomlari e’lon qilindi.
Ikki tanlovda qatnashishning yangi formati – bu mamlakatdagi barcha brendlar va agentliklar uchun 2022-2023 yillardagi o‘z faoliyatini ham mahalliy, ham xalqaro hay’atga, shuningdek minglab iste’molchilarga namoyish etishning ajoyib imkoniyati bo‘ldi. Diyor Mirzaahmedov, TAF!23 festivali tashkilotchisi:
Bu yil biz festivalning tanlov formatini ko‘p jihatdan o‘zgartirdik. Bir vaqtda ikkita tanlov o‘tkazdik. Hamkorimiz Uzinfocom ishlab chiqqan, Telegram-botda ochiq ovoz berish shaklida o‘tgan iste’molchilar tanlovida savollar yuborish yo‘li bilan ovozlarni tekshirish tizimini joriy qildik. 8 ta nominatsiyada butun mamlakatdan 20 mingdan ziyod kishi ovoz berdi. Hay’at fikriga ko‘ra tanlovda short-list saralanishi tizimini joriy qildik, uni mahalliy hay’atning 114 a’zosi belgiladi.
G‘oliblar va maxsus sovrinlar sohiblarini festival arafasida xalqaro hay’at aniqladi. Tanlovlarni alohida o‘tkazish tizimi yaxshi ish berdi. Biz juda ko‘p munosib loyihalarga ega bo‘ldik. marketing.uz saytida barcha tanlov loyihalarini ko‘rish mumkin. Hamma g‘oliblarni tabriklayman! Biz esa, TAF!24 ga tayyorgarchilikni boshlab yubordik
Har bir nominatsiyada ovoz berish natijalariga ko‘ra birinchi uch o‘rin oltin, kumush va bronza oldi.

Xalqaro hay’at bronza, kumush va oltin sohiblari, shuningdek 3 ta maxsus sovrin – 2023 yilning eng yaxshi reklama beruvchisi, eng yaxshi reklama agentligi va eng yaxshi loyihasini belgiladilar.