Uber’ga qarshi urush ochgan Heetch haqida

Bu Fransiyadagi monopol — Uber xizmatini dog’da qoldirgan mahalliy fransuz taksi kompaniyasining nomi.
Aslida gap nima haqida?
2021-yil oxirida Parijdagi Uber haydovchilari yuqori komissiyali, ammo haydovchilarga kam haq to’laydigan monopolning narx siyosatiga qarshi bosh ko’tarib ish tashladi. Insonlar ko’chaga Uber’ning haydovchilarga yetarli miqdorda ulush ajratmayotganidan shikoyat qilib, bannerlar ko’tarib chiqa boshladi.
Voilà!
Buning ham ajoyib usulini o’ylab topishdi.
Dastlab Fransiya poytaxtida “Uber” bilan hamkorlik qiladigan restoranlar ro’yxati tuzib chiqildi. So’ngra ularga ustiga “Heetch” yozuvi tushirilgan, ovqat solinadigan 12 mingta qog’oz o’ramalar bepulga tarqatildi.
Har bir o‘ramga quyidagi kabi xabarlar yozilgan edi: “Biz ham ochmiz, lekin haydovchilarimizning puliga emas”, “Biz sizga sevimli taomingizni o‘zgartiring demaymiz. Faqat yetkazib berish xizmatini almashtirsangiz kifoya”, va “Sizning (mahalliy) pitseriyangiz soliqlarni Fransiyada to‘laydi. Nega yetkazib beruvchi ham shunday qilmaydi?” — barchasi Uberga qaratilgan.
Bu keysdan shuni anglash mumkinki, raqobatchisi har qancha yirik monopol bo’lmasin, kichik masshtabda faoliyat yuritayotgan kompaniyalar ham gigant o’yinchilar uchun yaxshigina bosh og’riq bo’lishi, balki mijozlarini ham tortib olishi hech gap emas ekan.
Shunga aytishsa kerak-da: “Kichkina demang bizni, ko’tarib uramiz sizni”, deb.