Dunyoning eng yirik fastfud tarmoqlaridan biri — Burger King nihoyat O‘zbekiston bozoriga rasman kirishi maʼlum qilindi.
Kecha prezident Shavkat Mirziyoyev rahbariligida global iqtisodiy beqarorlikning O‘zbekistonga ta’sirini yumshatishga bag’ishlangan yig’ilishda International Baverages Tashkent kompaniyasi ta’sischisi Shuhrat Ergashev bu haqida ma’lum qildi.
International Baverages Tashkent korxonasi xususiy sektor orasida eng yirik soliq to’lovchi 10 ta kompaniyadan biri hisoblanadi. Kompaniya O’zbekistonda Pepsi, 7UP, Mirinda, Mountain Dew, Adrenaline Rush, Lipton kabi salqin ichimliklar ishlab chiqarish bilan shug’ullanadi. Bundan tashqari, Baraka Market supermarketlar tarmog’iga egalik ushbu kompaniyaga tegishli.
2021-yilda Burger King O‘zbekiston bozoriga kirishga kuchli harakat qilgan. Kompaniya tashkil etilgan, restoranlar joyi tanlangan, hatto birinchi xodimlar Moskvada o‘qitilgan edi. Ammo 2022-yilgi Rossiya-Ukraina mojarosi sababli bu ish amalga oshmay qolgan. Burger King O‘zbekistonga birinchi marta Rossiya franshizasi orqali kirayotgan edi, urush tufayli Rossiyadagi biznes boshqa mamlakatlarda faoliyat olib borolmadi.
Kecha fast food bozori haqida tahlilni e’lon qilgan edik va bozor uchun yana bir gigant o’yinchi kirib kelayotgani quvonarli holat.
“EVOS”, “KFC”, “Oqtepa Lavash” hamda “Feed Up” brendlari 2024-yilda umumiy 2 trillion so‘m daromad qilganligi bozor dinamikasi va potensiali yuqori ekanligini ko’rsatadi.
Dastlabki restoranlar 2–3 oy ichida ochilishi rejalashtirilmoqda.