—”Baku Flames 2025″ festivali haqida fikrlaringiz qanday va uning qamrovini qanday baholaysiz?
—Men doim bizning mintaqamizning dunyoga ochilishi va dunyoning Markaziy Osiyo mamlakatlariga yaqinlashishini qo‘llab-quvvatlayman. Shu ma’noda, yangi festivallar paydo bo‘lishi faqat quvonarli holat. Masalan, “Jolbors” allaqachon o‘z o‘rniga ega bo‘ldi, endi esa yana bir yangi festival vujudga kelmoqda. “Baku Flames” turli bozorlardagi professionallar uchun yangi muloqot maydonchasiga aylanishi, do‘stlik, tajriba almashish va hamkorlik uchun muhim kanal bo‘lishi mumkin.
—Bu tadbir mintaqaviy kreativ sanoatning rivojlanishi uchun qanchalik muhim deb hisoblaysiz?
Har qanday tadbir, ayniqsa kreativ sanoatga tegishli bo‘lsa, muayyan darajada ta’sir ko‘rsatadi. Men bunga qat’iy ishonaman. Hatto biznes-trenerlar va infobiznes vakillari ham marketing va kreativ sanoatning rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Shu bois, aynan “Baku Flames” qanday o‘zgarishlarga turtki berishini hozircha aytish qiyin, lekin vaqt o‘tib uning ta’siri aniq seziladi.
—Nima deb o‘ylaysiz, mazkur festivalda qatnashish ijodkorlar uchun qanday imkoniyatlar yaratadi?
—Bu festival – ijodkorlar uchun o‘z kuchini sinab ko‘rishning yana bir imkoniyati. Qolaversa, boshqa yirik festivallarga nisbatan nisbatan arzonroq (mening bilishimcha) va xalqaro ekspertlar hay’ati bilan qiziqarli tajriba bo‘lishi mumkin. Kreativ soha vakillari odatda katta egoga ega bo‘ladi, va ularga vaqti-vaqti bilan o‘z yutuqlarini tan oladigan maydonlar kerak. “Baku Flames” esa aynan shunday imkoniyat yaratib, ularni yanada ilhomlantirishi mumkin.
—Siz bu yilgi “Baku Flames 2025” tanlovining hakamlar hay’ati a’zosisiz – keyslarni qaysi mezonlar asosida baholaysiz?
—Men doim strategik yondashuvga e’tibor beraman. Ya’ni, g‘oya qanchalik strategik ahamiyatga ega, uning kelajakdagi rivojlanish potensiali qanday – bular muhim mezonlarimdan biri. Har doim agentlik haqiqatan ham mehnat qilgan, chuqur o‘ylangan, detallarga e’tibor qaratilgan ishlarga yuqori baho beraman. Oxirgi paytlarda men kreativ trendlarni kamroq kuzatyapman, shuning uchun bu festival men uchun ham hay’atda ishlayotgan kreativ direktorlarning fikrlarini eshitish va yangi yondashuvlarni o‘rganish imkoniyati bo‘ladi.
—Festival kelajagi haqida fikrlaringiz?
—Hozircha aniq bir narsa deyish qiyin. Lekin shaxsan men tashkilotchilarni yaxshi bilaman va ularning energiyasiga ishonaman. Ular bunday loyihaga kuch-g‘ayratini sarflayotgan ekan, bu festival rivojlanishiga shubha yo‘q.
—Festivallarda ishtirok agentliklar va kreativ soha vakillariga nima beradi?
—Bu, avvalo, o‘z kuchini sinash, xalqaro ekspertlarning bahosini olish uchun imkoniyat. Festivalda qatnashish bozorni, uning pulsini va trendlarini his qilish imkonini beradi. O‘z ishingni global kontekstda ko‘rish, faqat o‘z muhitida emas, balki butun industriyada o‘z o‘rnini tushunish muhim. Bunday tajribalar tasavvurni kengaytiradi, motivatsiyani oshiradi va sohaning kelajagini anglashga yordam beradi.