Bekxem H&M uchun qanchalik mos?


Bekxem H&M uchun qanchalik mos?

Bekxem H&M uchun qanchalik mos?

Kiyim brendlari har doim yangidan yangi kommunikatsiyalar orqali auditoriyani o‘ziga jalb qilishga intiladi.

H&M ham bu jarayondan chetda qolmagan. Brendning “Modern Essentials: Spring 2016” kampaniyasi bunga yorqin misol. Keys tahliliga kirishishdan oldin H&M bilan ozgina tanishib oʻtsak.

H&M haqida
Hennes & Mauritz (H&M) — 1947-yilda Shvetsiyada asos solingan va dunyoning yirik tezkor moda (fast fashion) brendlaridan biri hisoblanadi. Asosan, o‘rta sinf vakillariga trenddagi kiyimlarni arzon narxlarda taklif qilishi bilan nom qozongan.

Reklama roligida “celebrity endorsement” orqali amalga oshirilgan kommunikatsiya brendning obro‘sini oshirish bilan birga, mijozlarga yangi kolleksiyani tanishtirishi kerak edi. Har qalay, Bekxemning ijrosidan shuni sezish mumkin.

Lekin bu “yurish” chindan ham samarali bo‘ldimi? Unda qanday yutuqlar va kamchiliklar bor edi?

Sizga ham qiziqmi? Hozir koʻrib chiqamiz.

Marketing strategiyasi
Bu kampaniyaning asosiy kuchi uning yuziga aylangan Devid Bekxem bilan bog‘liq. H&M uning shu imidjidan foydalanib, brendga premium ruh bag‘ishlashga harakat qilgani sir emas.

Strategiya H&M uchun samarali ishladimi?
To‘g‘risini aytganda, unchalik emas. Brendga qiziqish oshgani aniq, ammo kompaniyaning o‘ziga xosligi yetarli darajada ochib berilmagan. Sababi menejerlar brend arxetipi ustida yetarlicha bosh qotirmagan bo‘lishi mumkin.

“Modern Essentials: Spring 2016” kolleksiyasi klassik va bazaviy kiyimlardan iborat bo‘lib, uzoq muddatli foydalanish uchun mos edi. Qolaversa, Bekxemning mashhurligi reklamaning xalqaro darajada yoyilishiga sabab bo‘ldi.

H&M odatda yosh auditoriyaga yo‘naltirilgan moda tovarlari bilan tanilgan bo‘lsa-da, bu kampaniyasi orqali yanada kengroq auditoriyaga murojaat qilindi. Rolikda ko‘chadagi bir xil kiyinib olgan insonlardan buni sezishingiz mumkin. “Hammaga sotmoqchimisan, hech kimga sota olmaysan!” kabi qarash esa bu ustunlikni ham parodoksal savol ostida qoldiradi.

Bekxem va H&M brendi o‘zaro uyg‘un emas
Bu yuqorida aytganimizdek brend arxetipini chizishda yo‘l qo‘yilgan xato natijasi. Bekxem kiyinish uchun, odatda, yuqori darajadagi brendlarni afzal ko‘rishini hamma yaxshi biladi. Shunday ekan, iste’molchilar reklamadagi David timsolida o‘zlarini ko‘rmaydilar, hamkorlikni esa faqat tijorat loyihasi sifatida qabul qiladilar.

Fast fashion” muammosi
Fast fashion — bu arzon, trenddagi kiyimlarni tezkor ishlab chiqarish va sotish konsepsiyasi. H&M tezkor moda brendi bo‘lib, ekologik va ijtimoiy jihatdan tanqid ostida qoladigan kompaniyalardan biri. Chunki “fast fashion” kiyimlar odatda tez eskiradi va tabiatga oshiqcha chiqindi yuklamasini ko‘paytirishga “yordam beradi”.

Bekxem esa o‘z imidji bilan hashamat, sifat va uslub timsoli sanaladi. Shunday ekan, u H&M singari brendga o‘z ismini qo‘shishi, brendning obro‘sini balki oshirar, lekin mijozlar orasida ma’lum shubhalarni ham tug‘dirishi tayin.

Kreativlik masalasi
H&Mning bu reklama roligi juda standart chiqqan. Kampaniya kreativlik nuqtayi nazaridan yangi hech narsa taklif qilmadi. Xuddi shunday yondashuv boshqa ko‘plab brendlarda ham bor.

Bu rolikdan qanday saboq olish mumkin?
Balki, marketing mashhurlarga suyanib qolmasdan, yanada kreativ yondashuvlarga e’tibor qaratishi kerakdir? Balki, ekologik jihatdan barqaror moda g‘oyalarini ilgari surish orqali brendni yanada ishonchliroq qilish mumkindir?

Haqiqat shundaki, reklama kampaniyasi ko‘plab iste’molchilar e’tiborini tortgan bo‘lsa-da, H&M brendini haqiqatan ham premium toifaga olib chiqdi deb bo‘lmaydi.

Kelajakda brend qanday marketing strategiyalarini tanlashi uning tekstil bozoridagi pozitsiyasini belgilab beradi.

Siz-chi, nima deysiz? Mashhurlik elementi kreativlikdan ustunmi?