Barcha xabarlar

“Korzinka” Raqobat qo'mitasi qo'zg'atgan ish yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi "Anglesey Food" ("Korzinka" supermarketlar tarmog'i) MCHJga nisbatan ish qo'zg'atgandi . Kompaniya mazkur vaziyat bo'yicha 16-iyul kuni rasmiy bayonot bilan chiqdi.

Raqobat qo'mitasi "Korzinka"ni turli xil usullarda tarqatilayotgan reklama axborotida “Kundalik xaridlarga eng arzon narx”, “Eng arzon narx - Korzinkada”, "...Eng unumlisiga keling!" degan reklamasida foydalanuvchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan so‘z jumlalaridan foydalangani va bu narxlar boshqa supermarketlar va dehqon bozorlarida sotilayotgan huddi shu turdagi mahsulotlar narxlaridan farq qilmasligi kuzatilgani uchun ish qo'zg'atgandi.

Kompaniya bayonotida qayd etilishicha, 2024-yil may oyida "Korzinka" o‘zining narx siyosatini o‘zgartirish va muntazam amalda bo‘ladigan — “Kundalik xaridlar uchun eng arzon narxlar” dasturini yaratish yo‘lida strategik qaror qabul qilgan. Ta'kidlanishicha, dastur vaqtinchalik aksiyalardan farqli o‘laroq, muntazam ishga tushirilgan va mazkur asosiy tovarlarga nisbatan Kompaniya tomonidan ustamaning sezilarli kamaytirilishi yo‘li bilan xaridorlar uchun qo‘shimcha qiymat yaratishni ko‘zlaydi.
"Biz do‘konlarimizda eng past narxlarni belgilash uchun bozorlarda, supermarketlarda va boshqa chakana savdo nuqtalaridagi narxlarni muntazam ravishda kuzatib boramiz, shuningdek, tovarlarning sifati va saqlash sharoitlariga e’tibor beramiz. “Eng arzon narx” katalogida keltirilgan tovarlar savatchasiga eng arzon narxlar belgilanadi va tovarlarning ayrim turlari bo‘yicha narxlar ba’zan bozorning boshqa ishtirokchilari bilan teng bo‘lishi holatlari uchrab turishi mumkin. Monitoring davomida biz boshqa chakana savdo nuqtalaridagi muntazam chakana narxlarga e’tibor qaratamiz. Raqobatchilarning uzoq muddatli davomiylikka ega bo‘lmagan, qisqa muddatli aksiyalari paytida ular savatning ma’lum bir alohida tovarlari bo‘yicha biz bilan bir pog‘onadan joy olishlari mumkin. Biroq biz shuni qat’iyat bilan ma’lum qilamizki, ushbu ijtimoiy to‘plam uchun narx bozorda eng yaxshisi bo‘lishi uchun zarur barcha choralarni ko‘ramiz", deyiladi xabarda.
16-iyul sanasida mazkur ish bo‘yicha tinglov bo‘lib o‘tgan va "Korzinka" zarur barcha ma’lumotni Qo‘mitaga taqdim etgan.
"Mijozlarimiz va davlat bilan muloqotda biz uchun halollik va shaffoflik nihoyatda muhimligini ta’kidlamoqchimiz. Biz qonunchilikni hurmat qilamiz hamda reklama, iste’molchilar huquqlariga oid barcha me’yor, qoidalarga rioya qilishda sobitqadammiz va hech qanday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymadik, deb hisoblaymiz", deya ta'kidlanadi kompaniya munosabatida.
"Korzinka" “Kundalik xaridlarga eng arzon narxlar” doimiy dasturi doirasida ushbu yo‘nalishda ishlashda davom etishini ma'lum qildi.
Tavsiya Biznes O'zimizda