“Festival mahalliy madaniyat va kreativ yondashuvlarni dunyoga tanitishga xizmat qiladi” – Nodira Shermatova


TBC Uzbekistan marketing va brending bo’limi rahbari Nodira Shermatova “Baku Flames” festivali haqida o’z fikrlari bilan o’rtoqlashdi

“Baku Flames 2025” festivali haqida fikringiz qanday va uning qamrovini qanday baholaysiz?
Bu festival nafaqat Ozarbayjon, balki butun mintaqadagi ijodkorlar uchun muhim voqea. Uning qamrovi tobora kengayib, nafaqat yirik agentliklar, balki mustaqil ijodkorlar va yosh talantlar uchun ham imkoniyatlar yaratmoqda. Shuningdek, festival mahalliy madaniyat va kreativ yondashuvlarni dunyoga tanitishga xizmat qiladi.

Bu tadbir mintaqaviy kreativ sanoatning rivojlanishi uchun qanchalik muhim deb hisoblaysiz?

Bu festival mintaqadagi ijodiy sohaning rivojlanishiga turtki beradi. Hozircha kreativ sanoat asosan G‘arb davlatlarida rivojlangan, lekin Markaziy Osiyo va Kavkaz ham o‘ziga xos kreativ markazga aylanishi mumkin. Bunday tadbirlar mahalliy brendlarning jahon bozoriga chiqishiga va milliy o‘ziga xoslikni ko‘rsatishga yordam beradi. Yana bitta muxim narsa. G‘arb, Osiyo reklama va marketing nuqtai nazarda rivojlangan mamlakatlarning muammolari, muxim vazifalari biznikidan farqlanadi. Lekin biz ko’pincha ularni bizning “role model”lari sifatida ko’ramiz, ularning keyslari va yondashuvlaridan o’rganamiz. Shu yondashuvlar bizning bozorimizga, bugungi xolatimizga yaqin bo’lmasligi mumkin. Bunday mintaqaviy tadbirlar bizga bir birimizni yaqinroq bilib, tajriba almashishga imkon yaratadi.

Mazkur festivalda qatnashish ijodkorlar uchun qanday imkoniyatlar yaratadi?

Festival ijodkorlar uchun quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadi:
1. Ilhom olish va tajriba almashish – kuchli ishlar va yangi yondashuvlar bilan tanishish.
2. Yangi hamkorlar va mijozlar topish – kelajakdagi loyihalar uchun muhim aloqalar o‘rnatish.
3. O‘z mahoratini oshirish – ijodiy ishlarni namoyish qilish va mutaxassislarning fikrlarini eshitish.
Bugungi kunda kreativ sanoat faqat san’at yoki reklama bilan cheklanmay, balki biznesning muhim qismiga aylanmoqda. Shu bois festivalda qatnashish shaxsiy rivojlanish bilan birga kasbiy o‘sishga ham hissa qo‘shadi.

Siz bu yilgi “Baku Flames 2025” tanlovining hakamlar hay’ati a’zosisiz – keyslarni qaysi mezonlar asosida baholaysiz?
Men “klient tarafidan” bo’lganim sabab, ya’ni bizning vakili bo’lganimga albatta kreativ biznes uchun qanchalik foyda olib kelganini, keyslarni samaradorligini baholayman. Asosiysi – ijod nafaqat estetik zavq, balki amaliy natija ham olib kelishi kerak. Kreativlik – shunchalik yangilikda emas, balki bor masalani yangi uslubda hal qilishga bo’lishi kerak.

Festival kelajagi haqida fikrlaringiz?

Agar festival uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqsa, u mintaqaning yirik kreativ tadbiriga aylanishi mumkin. Agar festival brendlar va biznes uchun real foyda keltiradigan platformaga aylansa, u kreativ sanoatning ajralmas qismiga aylanadi va bozor rivojlanishiga yordamlashadi.

Festivallarda ishtirok agentliklar va kreativ soha vakillariga nima beradi?

1. Shaxsiy va kasbiy o‘sish – kuchli portfolioni shakllantirish va bozorga chiqish.
2. Ilhom va yangi tendensiyalarni o‘rganish – eng yaxshi loyihalar bilan tanishish va innovatsion yondashuvlarni ko‘rish.
3. Mijozlar va hamkorlar bilan mustahkam aloqalar o‘rnatish – yangi loyihalar va biznes imkoniyatlarini ochish.
4. Mahalliy kreativ sohaning o‘sishiga hissa qo‘shish – festival nafaqat raqobat, balki ijodiy rivojlanish uchun ham imkoniyatdir.