Barcha xabarlar

Qosh qoʻyaman deb koʻz chiqardi

Qosh qoʻyaman deb koʻz chiqardi

Bu — omadsiz reklama kampaniyalari bilan xalqaro PR maydonida "qovun tushirish"da tengsiz boʻlib turgan Coca-cola kompaniyasiga ayni mos tavsif.

Yaqin Sharqdagi ziddiyatlar tufayli kompaniyaning sotuvlari muntazam ravishda pasayishda davom etmoqda. Shu sababli Coca-cola musulmonlarning boykot kampaniyasi olovini soʻndirish uchun qoʻlidan kelgan har qanday loyihaga jon-jahdi bilan kirishmoqda.

Xususan, bu safar ham ulkan byudjet bilan katta reklama kamaniyasiga qoʻl urildi. Kampaniyaning asosiy qahramoni sifatida boykotda faol boʻlib turgan Janubiy Osiyo mamlakatlarining mashhur melodrama aktyori — bangladeshlik Sharaf Ahmed Jibon tanlab olindi. Reklamadan koʻzlangan maqsad — Coca-cola musulmonlarning "boykot roʻyxati"ida boʻlmasligi kerakligiga ularni ishontirish edi.

Lekin qanday qilib?

Bu uchun kompaniya videorolikda oʻzining ichimlik ishlab chiqaradigan zavodi Falastinda ham mavjud ekanligini, bu bilan goʻyoki Isroilga hech qanday aloqasi yoʻqdek qilib koʻrsatishni asosiy argument sifatida keltirgan.

Xoʻsh, Bangladesh jamoatchiligi bunga xayrixohlik bildirdimi? Albatta yoʻq.

Aslida reklamada nazarda tutilgan Falastindagi Coke zavodi Isroil nazorati ostidagi gazli ichimliklar tayyorlanadigan bino boʻlib, xalqaro qonunlarga zid ravishda noqonuniy bosib olingan Falastin yerlari — muqaddas Quddus shahrining Sharqiy qismida joylashgan.

Misinformatsiya asosida e’lon qilingan video kompaniyaning boshiga kutilmagan katta muammolarni keltirib chiqardi.

Scott Leith — Coca-cola'ning global strategik kommunikatsiyalari boʻyicha vitse-prezidenti — hodisani "The Wall Street Journal"ga bergan intervyusida "afsuslanarli xato" deb atadi va video barcha platformalardan olib tashlanganini ta’kidladi.

Reklamada bosh rolni ijro qilgan aktyor ham u hech qachon Isroilni qoʻllab quvvatlamaganini va bundan buyon ham bunday qilmasligini aytib, alohida bayonot bilan chiqdi.

Lekin gʻisht qolipdan koʻchgan, kampaniya boykot oloviga yogʻ sepib boʻlgan edi. "Boykot roʻyxati"dan Coca-cola chiqib ketishi oʻrniga, uning qatoriga aktyorlar ham qoʻshildi.

Bundan qanday xulosa olish mumkin?

Bugungi dunyoda ma’lumotlardan shaxsiy manfaatlar yoʻlida notoʻgʻri foydalanib, insonlarni manipulyatsiya qilishga intilish, auditoriyaning diniy va milliy qadriyatlarini hurmat qilmaslik, ularning aqliy salohiyatlari hamda faktcheking imkoniyatlarini past baholash orqasidan har qancha gigant boʻlmasin, kompaniyalar oʻz zararlariga “ochko” ishlab olishlari muqarrar.

Qolaversa, Coca-cola'ning inqirozli bir davrda bunday sharmandali holatga tushishi yosh PR-menejerlarning: “Inqirozli vaziyatlarda qanday harakat qilmaslik kerak?” — degan savollariga yaxshigina dasturul amal boʻlib xizmat qilishi kerak.

Tavsiya Biznes Chet elda