Ilon Maskning Neuralink kompaniyasi ilk bor inson miyasiga chip o‘rnatdi
Milliarder Ilon Mask o‘zining Neuralink kompaniyasi birinchi marta inson miyasiga simsiz chipni muvaffaqiyatli implantatsiya qilganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi va chip nerv signallarini yaxshi aniqlab olayotganini, ko‘ngilli bemor esa o‘zini yaxshi his qilayotganini qo‘shimcha qildi.
Chip miya va kompyuter o‘rtasida aloqa o‘rnatishga mo‘ljallangan bo‘lib, jismoniy va ruhiy muammolarni hal qilishda yordam berishi kutilmoqda.
“Telepatiya” deb nomlangan ushbu chip birinchi navbatda harakat a’zolarida falajligi bor odamlarga o‘rnatilishi ma’lum qilindi.
“Bu sizga telefoningiz yoki kompyuteringiz orqali – deyarli har qanday qurilmani – shunchaki fikr kuchi bilan boshqarish imkonini beradi... Tasavvur qiling-a, Stiven Hoking professional mashinist yoki auksion menejeridan tezroq muloqot qila oladi”, deb yozadi Mask o‘z sahifasida.
Amerika rasmiylari Maskning kompaniyasiga o‘z chipini odamlarda sinab ko‘rish uchun litsenziyani o‘tgan yilning may oyida bergan edi. Sinovlar olti yil davom etishi va bu davr mobaynida bemor holati va chipning holatini kuztaish uchun 20 ta tekshiruv o‘tkazish rejalashtirilgan.