Tobora globallashib borayotgan iqtisodiyotda ko‘p millatli korporatsiyalar tez-tez biznes va geosiyosat chorrahasida qoqilishadi. Diniy-siyosiy tangliklar, madaniy mojarolar va iqtisodiy qiyinchiliklar kompaniyaning xalqaro faoliyatiga sezilarli ta'sir ko‘rsatishi shubhasiz.
Bugun biz siz bilan boykot va geosiyosiy keskinliklar natijasida yirik brendlarning turli mamlakatlardan chiqib ketishi yoki bozorlarga moslashishiga sabab bo‘lgan holatlar haqida so‘z yuritamiz.
KFC va Pizza Hutning Turkiyadan chiqib ketishi

2025-yilda KFC va Pizza Hut’ning sobiq turk franchayzing operatori İş Gıda jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga uchrab, bankrotlikka yuz tutdi. Bu inqiroz Yum! Brands kompaniyasi tomonidan franchayzing shartnomalarining bekor qilinishi, operatsion standartlarga rioya qilinmaganligi va Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlari sababli ommaviy boykotlar bilan yanada yomonlashdi.
McDonald'sning Boliviya bozorini tark etishi

Amerikaning mashhur ovqatlanish tarmog‘i McDonald's 2002-yili Boliviyada faoliyatini to‘xtatdi. O‘n yildan ortiq vaqt davomida mahalliy ta’mlarga moslashish va marketingga katta mablag‘ sarflab yuborilishiga qaramay, kompaniya rentabellikka erisha olmadi.
Danone'ning Hindistondagi marketing xatolari

Fransiyaning Groupe Danone kompaniyasi 2018-yilda Hindistonda bolalar uchun sut mahsulotlari reklama kampaniyasi tufayli keskin noroziliklarga duch keldi. Kampaniya onalar suti bilan boqishning muhimligini inkor qilgani uchun keng qamrovli boykotlarga sabab bo‘ldi. Organik bo‘lmagan, kondensatsiyalangan mahsulotni ona sutidan afzal deb bilish uchun inson qanchalik xayolparast bo‘lishi kerak?
Starbucks va Yaqin Sharq bozori

Starbucks va musulmonlar o‘rtasidagi keskinlik xuddi Rim va Karfagen urushiga o‘xshaydi: na uning oxiri ko‘rinadi, na masala qaysidir tomon foydasiga hal bo‘ladi. Kompaniya Yaqin Sharq bozorida vaqti-vaqti bilan boykotlarga uchrab kelgan, bunga kompaniyaning Isroilni qo‘llab-quvvatlashi haqidagi mish-mishlar sabab bo‘lgan. Ushbu boykotlar kompaniyaning biznesiga ta'sir qilgan va Starbucks o‘z pozitsiyasini tushuntirish hamda siyosiy betaraflikni ta’minlash uchun jamoatchilik bilan aloqalarni kuchaytirishga majbur bo‘lgan.
Google’ning Rossiyadagi operatsion muammolari

Mahalliy qonunchilikka rioya qilish va hukumat nazoratini aylanib o‘tish o‘rtasida muvozanat saqlashga harakat qilgan Google xizmatlariga sezilarli o‘zgartirishlar kiritishga majbur bo‘ldi. Rossiya bozoridan chiqmagan bo‘lsa-da, Google'ning tajribasi internet boshqaruvi va so‘z erkinligi bo‘yicha turli qarashlar mavjud bo‘lgan mamlakatlarda non topib yeyish qanchalik mashaqqat ekanini ko‘rsatadi.
Coca-Cola'ning arab dunyosiga qaytishi

Coca-Cola 1960-1970 yillarda Arab mamlakatlarida Isroil bilan aloqasi bor degan qarashlar tufayli boykotga uchragan. Kompaniya muammolarni bartaraf etish uchun mahalliy hamjamiyatlarga investitsiyalar kiritib, ochiq muloqot strategiyalarini yo‘lga qo‘ydi. Vaqt o‘tishi bilan Coca-Cola boykotlarni yengib, Yaqin Sharqdagi bozorini qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Hozir esa ahvol yana oldingi holatiga qaytmoqda va bu ortiq ajablanarli emas.
Lego va Rossiya

2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga javoban Lego kompaniyasi Rossiyaga lego yetkazib berishni to‘xtatdi. Boshqa kompaniyalar ham qarab turgani yo‘q, ammo bu yuzaki boykotlar brendlarni Rossiya bozoriga aylanma yo‘llar orqali o‘z tovarlarini sotishda davom etishdan to‘xtata olmadi. Shunday katta bozordan kim ham voz kechardi?
NBA va Xitoy

2019-yilda NBA jamoasi rahbari Gonkongdagi demokratiya tarafdorlari noroziligini qo‘llab-quvvatlagan tvit e’lon qilganidan so‘ng, Xitoy bozorida jiddiy muammolarga duch keldi. Har qanday mamlakatning ichki masalalariga aralashish yaxshi ish emas. Agar u Xitoy bo‘lsa, bu haqiqiy bosh og‘rig‘i bo‘lishi tabiiy hol.
Sarlavhada bergan savolimiz hali ham aktual. Biznesning noni doim qattiq bo‘lgan. Siz biznes egasi sifatida qaysidir bozorga kirmoqchimisiz, ana shu yerda yashayotganlar bilan hisoblashishga majbursiz. Doimo.
Brendlar xalqaro bozorga intilar ekan, ular nafaqat mahalliy iste’molchilarning istaklari, normativ muhit va diniy qadriyatlarni hisobga olishlari shart, balki madaniy va geosiyosiy omillarni ham chuqur tushunishlari kerak. Bunday vaziyatda iqtisodiy hisob-kitoblar kifoya qilmasligini hamma yaxshi biladi.
Agar siz Wallmart'ning egasi bo‘lsangiz, supermarketingizning gullab-yashnashi uchun AQSh bozorida ishlatgan instrumentlaringiz boshqa mamlakat kontekstiga tushmasligi tabiiy. Shuning uchun har bir bozorga o‘ziga xos yondashishdan boshqa chorangiz qolmaydi.