Korzinkaning yangi daromad manbai. Qanday qilib market va marketpleyslar reklamadan pul ishlayabdi?
Turli striming xizmatlar, ijtimoiy tarmoqlar reklamadan daromad topishi oddiy hol. Lekin hozirga kelib reklamadan kelgan daromadi eng ko'p kompaniyalar orasida marketpleyslar ham bor.
Masalan, 2022-yilda reklamadan olgan sof foydasi 10 milliard dollardan oshgan kompaniyalar qatorida "Alibaba" va "Amazon"ni ham uchratish mumkin. "Alphabet" (Google va YouTube) $174 milliarddan ziyod ko'rsatkich bilan 1-o'rinni band qilib turgan bo'lsa, ikkinchi o'rinda "Meta" (Facebook va Instagram) salkam $130 mlrdlik daromad bilan ikkinchi.
Mana endi qiziq joyiga keldik. 3-o'rinda 2022-yilda "Alibaba Group" reklamada $42,94 mlrd sof daromad topgan. "Amazon" esa bundan sal kamroq – $41.75. E'tiborlisi, bu ikkisi TikTok, Bing va Baidu kabi plarformalardan o'zib ketgan. Bundan tashqari, "Kantar Media", "Omnicom" kabi yirik korporatsiyalar bor, ular esa hatto bu ro'yxatdan topilmaydi. Ya'ni hatto ular ham reklamadan bunchalik ko'p foyda ko'rmagan.
To'g'ri, marketpleyslar va 1-2-o'rinni band etib turganlar orasida juda katta farq bor, lekin kompaniyalar reklamalarni yana bir daromad manbaiga aylantirmoqda.
Oxirgi yillarda "Korzinka" supermarketlar tarmog'ida ham ushbu tendensiya bilan ketmoqda. Masalan, "Korzinka Go" ilovasini ishga tushirib, rivojlantirmoqda, bir nechta yirik kompaniyalar bilan kelishuvlar amalga oshirdi (masalan, "Pepsi"). AdTech yo'nalishini kengaytirmoqda. Bundan tashqari, bu tarmoq ko'pchilik sezadigan oflayn reklama savdosini ham yetarlicha yaxshi yo'lga qo'ya olgan.
Yana ozroq statistika. 2023-yilda AQSHda reklamadan olingan sof foydasi eng ko'p oshgan kompaniyalar ro'yxatida "Wallmart" gipermarketlar tarmog'i va "Instacart" yetkazib berish xizmati kabilar yetakchilik qilmoqda. Ularning daromadi tegishli ravishda 42 va 41 foiz oshgan. Ya'ni ularning retail media orqali daromadi deyarli 50 foizga oshgan. Bu yerda ham TikTok ortda qolgan.
“Retail media” nima? Bu — riteyler yoki marketpleys egalik qiladigan raqamli yoki oflayn reklama maydonchasi. Bu internet orqali ham, supermarketda ham amalga oshirilishi mumkin. Bundan brendlar asosan oʻzini tanitish, sotuvni oshirish va yangi mahsulot haqida xabar berishda foydalanishi mumkin.
Zamonaviy tendensiyalarni kuzatish va o'zgaruvchanlik hozirgi davr talabi hisoblanadi.