Barcha xabarlar

Uber'ga qarshi urush ochgan Heetch haqida

Heeeeetch! Bu shunchaki oddiy hayqiriq emas. Bo'lib ham, insonlarni shu darajada jazavaga tushib hayratlanishga majbur qiladigan hodisalar juda ham noyob davrda yashayotganimizda.

Bu Fransiyadagi monopol — Uber xizmatini dog'da qoldirgan mahalliy fransuz taksi kompaniyasining nomi.

Aslida gap nima haqida?

2021-yil oxirida Parijdagi Uber haydovchilari yuqori komissiyali, ammo haydovchilarga kam haq to'laydigan monopolning narx siyosatiga qarshi bosh ko'tarib ish tashladi. Insonlar ko'chaga Uber'ning haydovchilarga yetarli miqdorda ulush ajratmayotganidan shikoyat qilib, bannerlar ko'tarib chiqa boshladi.
Ayni vaziyatdan mahalliy fransuz taksi brendi — "Heetch" unumli foydalanib qoldi va gigant raqobatchisiga qarshi kampaniya boshlab yubordi.
Mahalliy brend Uberdan "to'ygan" haydovchilar va mijozlarga safarlar uchun kam komissiya belgilab, haydovchiga yaxshiroq haq to'lanishini va albatta soliqlar ham Fransiya budjetiga yo'naltirilishini va'da qilib chiqdi.
Lekin bir muammo bor edi: qanday qilib bu takliflarni aholiga ta'sirli yetkazib berish mumkin?

Voilà!
Buning ham ajoyib usulini o'ylab topishdi.

Dastlab Fransiya poytaxtida "Uber" bilan hamkorlik qiladigan restoranlar ro'yxati tuzib chiqildi. So'ngra ularga ustiga "Heetch" yozuvi tushirilgan, ovqat solinadigan 12 mingta qog'oz o'ramalar bepulga tarqatildi.

Har bir o‘ramga quyidagi kabi xabarlar yozilgan edi: "Biz ham ochmiz, lekin haydovchilarimizning puliga emas", "Biz sizga sevimli taomingizni o‘zgartiring demaymiz. Faqat yetkazib berish xizmatini almashtirsangiz kifoya", va "Sizning (mahalliy) pitseriyangiz soliqlarni Fransiyada to‘laydi. Nega yetkazib beruvchi ham shunday qilmaydi?" — barchasi Uberga qaratilgan.
Qolgan ishni Uberga qo'yib berishdi — u buyurtma qilingan taomga qo'shib mahalliy raqobatchisining reklamasini ham butun shahar bo'ylab tarqatishni boshladi!
Natija esa kutilgandan ham ortiq bo'ldi: brend amalga oshirgan kampaniyasi bilan mahalliy aholining nafaqat ongi, balki yuragigacha yetib bordi! Vaziyat marketingiga o'zining dohiyona yondashuvi bilan ularni hayqirishga majbur qildi. Millionlab parijliklar ijtimoiy tarmoqlarda Heetch haqida muhokama qilishni boshladi.
Uber'ga qarshi "yurish"dan xabar topgan deyarli barcha foydalanuvchilar taksi xizmatini almashtirib, haydovchilarga kam haq to'layotgan monopol xizmatidan voz kechdi.

Bu keysdan shuni anglash mumkinki, raqobatchisi har qancha yirik monopol bo'lmasin, kichik masshtabda faoliyat yuritayotgan kompaniyalar ham gigant o'yinchilar uchun yaxshigina bosh og'riq bo'lishi, balki mijozlarini ham tortib olishi hech gap emas ekan.

Shunga aytishsa kerak-da: "Kichkina demang bizni, ko'tarib uramiz sizni", deb.
2024-11-08 13:10 Tavsiya Marketing Chet elda