Barcha xabarlar

Amazonning 10 yillik natijasiga 1 yilda erishgan, reklamasiga milliardlab dollar sarflayotgan Temu haqida qisqacha

Bugungi kunda ko'pchilikning Instagram'ida targetlangan reklamalar qatorida "Temu" reklamasi ko'p aylanmoqda. Ularning reklama platformasi faqatgina Instagram bilan cheklanib qolmagan, hatto "dazmolni yoqsa ham" shu platforma reklamasi chiqib kelyapti. Xo'sh, o'zi "Temu" nima, qachon ochilgan, nega dijitalga milliardlab dollar ajratib, bunaqa agressiv reklama qilyapti? Quyida "Temu" haqida gaplashamiz.

Xitoyning “Temu” onlayn savdo platformasi 2022-yilda Pinduoduo tomonidan ishga tushirilgan. Ishga tushirilgandan buyon, "Temu" o'zining arzon narxlari va keng mahsulot assortimenti bilan tezda mashhur bo'ldi.

Hozirda har oy dunyo bo'ylab 161 milliondan ortiq kishi Temu ilovasidan faol foydalanadi. 2023-yil oxiriga kelib, u birgina AQSh bozorida 30 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega bo'lgan. Hozirda esa Qo'shma Shtatlarda 50 milliondan ortiq foydlanuvchisi bor. Solishtirish uchun, "Amazon" bu natijaga erishish uchun o'n yildan ortiq vaqt sarflagan.

Hozirda “Temu” onlayn platformasida millionlab mahsulotlar mavjud. 2024-yilga kelib, platformada 10 milliondan ortiq turli mahsulotlar sotilmoqda. U shuningdek, o'z xizmatlarini kengaytirish maqsadida 2023-yilda 100 dan ortiq yangi tovarlar kategoriyasini qo'shdi.

"Temu" global bozorni zabt etish uchun o'z strategiyasini o'zgartirgan. 2023-yilning birinchi choragida, "Temu" marketing xarajatlari 300 million dollarni tashkil etdi. Yil yakuniga ko'ra bu raqamlar 1,7 milliard dollarni tashkil qilgan. GP Morgan tahlilchilarining fikriga ko'ra, bu summa 2024-yilda 3 milliard dollarni tashkil qilishi mumkin.

"Temu"ning muvaffaqiyati shundaki, u o'rtadagi odamlarni o'yinga aralashtirmaydi. Platformada to'g'ri-to'g'ri ishlab chiqaruvchi va xaridor o'rtasida munosabat o'rnatiladi, ya'ni hech qanday uchinchi shaxs yo'q. Shuningdek, ular standart yetkazib berishni tekin qilib qo'ygan, ekspress yetkazib berish ham vaqt oladi, lekin ikki baravar qisqaroq – bu xizmat pulli.

Ushbu onlayn savdo platformasining yashin tezligida rivojlanishi bir necha yillar davomida global bozorda gegemonlik qilib kelayotgan o'yinchilarni ham "uyg'onishga", o'zgarishlar qilishga majbur qilmoqda.
Biznes Marketing