Barcha xabarlar

Alif Uzbekistan muddatli to‘lov xizmatini rivojlantirish uchun 5 million dollarlik kredit jalb qildi

O‘zbekistondagi Alif xalqaro fintech kompaniyasi Buyuk Britaniyaning Cur8 Capital islomiy moliyalashtirish fondi bilan 5 million dollargacha mablag‘ jalb qilish bo‘yicha bitimni muvaffaqiyatli yakunladi. Olingan mablag‘lar Nasiya muddatli to‘lov xizmatini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

"Ushbu moliyaviy kredit Nasiya xizmatini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Bu bitim moliyalashtirishning joriy bosqichining birinchi qismi hisoblanadi. Yaqin kelajakda Alif Uzbekistan yangi kelishuvlar haqida e’lon qiladi," deb aytdi Alif Uzbekistan bosh direktori Nuriddin Lafizov.

Alifning rejalarida islomiy moliyaning sukuk obligatsiyalarini joylashtirish ko‘zda tutilgan, bu haqda o‘tgan yili e’lon qilingan edi. Bu qadam kompaniyaning investitsiyalarni jalb qilish va moliyaviy xizmatlar bozorida o‘z mavqeini mustahkamlash bo‘yicha uzoq muddatli strategiyasining bir qismidir.

Cur8 Capital Buyuk Britaniyada joylashgan bo‘lib, islomiy moliya bilan bog‘liq loyihalarga faol sarmoya kiritmoqda. Cur8 shuningdek, Alif hammuassislari tomonidan asos solingan Ayan Capital startapiga ham sarmoya kiritgan.

Alif — O‘zbekiston, Tojikiston va Pokistondagi loyihalari bilan faoliyat yurituvchi xalqaro fintech kompaniya. Alifning o‘ziga xos xususiyati islomiy moliya tamoyillariga sodiqligidir.

O‘zbekistonda Alif besh yildan buyon turli imkoniyatlarga ega superilovani taklif qilib kelmoqda: 1000 dan ortiq xizmat turlari — pul o‘tkazmalari va to‘lovlar, tovarlar va xizmatlar uchun to‘lov, metro va avtobuslarda to‘lov, davlat xizmatlari, Shop marketpleysi, Nasiya muddatli to‘lov, Avia chiptalarini xarid qilish xizmati va boshqa ko‘plab imkoniyatlar shular jumlasidan.

Nasiya muddatli to‘lov xizmati Alifning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. 850 mingdan ortiq Alif mijozlari uning afzalliklarini — 24 oygacha bo‘lgan muddat bilan boshlang‘ich to‘lovsiz tovarlar va xizmatlarni muddatli to‘lovga xarid qilish imkoniyatini yuqori baholashdi.


Tavsiya Marketing O'zimizda