Click birinchi yarim yillikdagi foydasini 50 foizga oshirdi
Har oy o‘rtacha 250 ming foydalanuvchi “Click”dan ro‘yxatdan o‘tmoqda, ularning umumiy soni esa hozirgacha 17 mlndan oshdi. To‘lovlarning 15 foizi yo Telegram bot yo USSD so‘rovi (internetsiz to‘lash imkoniyati) orqali amalga oshirilmoqda. Bu raqamlar bilan bir qator loyihalar rahbari Otabek Abdullayev o‘z LinkedIN sahifasida bo‘lishdi.
“Click” ilovasida identifikatsiyadan o‘tgan foydalanuvchilar soni 3 mlnni tashkil qiladi. Xizmatning kunlik foydalanuvchilari o‘tgan yilning birinchi yarmiga qaraganda 2 baravarga ko‘paygan.
"Biz bu faollikni “Click”da bir qator xizmatlar ishga tushgani bilan bog‘layapmiz. “Click” endi shunchaki to‘lov vositasi emas, foydalanuvchilarning kundalik yordamchisi", deydi kompaniya bosh direktori Ulug‘bek Rustamov.
Ulug‘bek Rustamov bunday xizmatlarga bir nechta misol keltirdi. Xususan, 2023-yilning ikkinchi yarmida avtomobil egalari uchun barcha xizmatlarni birlashtiruvchi "Mening avtom" xizmati ishga tushirilgan. U orqali tonirovka, ishonchnoma uchun to‘lov qilish ham mumkin. Shuningdek, 2024-yilda ishga tushirilgan "Mening oilam" xizmati ham shular jumlasidan. Ushbu xizmatdan foydalagan holda oila a‘zolarining kartalarga foizsiz o‘tkazma amalga oshirish mumkin.
Kompaniyaning savdo aylanmasi 32 foizga o‘sib, 36 trillion so‘mni tashkil qildi. Sof daromad esa deyarli 50 foizga oshgan. Bundan tashqari, kompaniya kapitali 201 foizga oshib, 119 mlrd so‘mga yetgan.
Ta‘kidlanishicha, taqsimlanmagan foyda ham 201 foizga oshib, 104 milliard so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, kompaniya aktivlari 245 milliard so‘mni tashkil etgan, bu esa o‘tgan yilgi ko‘rsatgichdan 39 foizga ko‘proq natija qayd etgan.