Faollar havo ifloslanishiga qarshi kurashish uchun fleshmob boshlashdi
O‘zbekistondagi taniqli faollar, jumladan eko-blogger Mo‘tabar Xushvaqtova (Urikguli), repper Konsta, stend-up artist Mirshakar Fayzullaev va boshqalar o‘sib borayotgan ekologik muammolarga jamoatchilik va mas’ul hukumat vakillarining e’tiborini qaratish uchun #tozahavokerak heshtegi bilan fleshmob o'tkazishdi.
Daraxtlarning ayovsiz kesilishi, betartib va uzoq muddatli qurilishlar, avtomobillarning haddan tashqari ko‘pligi va kerakli filtrlar bilan ta'minlanmagan zavod-fabrikalar tufayli nafaqat Toshkent shahri, balki boshqa hududlar havosida ham zararli moddalarning keskin oshib ketishiga sabab bo‘lyapti. Buning natijasida, aholi orasida o'tkir respirator kasalliklar, allergiya va boshqa kasalliklar avj olganligi har birimizni xavotirga soladi.
“Fleshmobdan maqsadimiz koʻproq oʻzbekistonliklar ekologiya bilan bogʻliq holatga befarq boʻlmasligi, kurashishiga chorlov. Hukumatning mas’ul boʻgʻinlari ekologiya masalasini kun tartibida ushlab turishi, qat’iy-qat’iy choralar koʻrishi, daraxtlar kesilishiga shunchaki jarima bilan javob bermasligi, qurilishlarni kamaytirishi va tabiatni asrashda jiddiyroq qonunlar qabul qilishi”, — deb yozadi fleshmob ishtirokchisi Mirzayor Erkinov o‘zining Telegram sahifasida.
Fleshmob tashkilotchilari “Toza havoni sog‘indim”, “Qurilishlarni bas qiling”, “Zavodlarga filtrlar qo‘yilsin”, “Havo o‘rniga chang yutishdan charchadim” kabi lozunglar tushirilgan plakatlar orqali, zavod-fabrikalar uchun qat’iy ekologik standartlarni joriy etish, shahardagi yashil hududlarni ko‘paytirish, qurilishlar sonini keskin kamaytirish, aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish kabi tezkor va aniq choralar ko'rishga chaqirmoqda.