Barcha xabarlar

Netflix kontent uchun milliardlarni tikmoqda: sababi nimada?

Netflix 2025-yilda kontent yaratish va sotib olish uchun 18 milliard dollar sarflashni rejalashtirmoqda. Bu shunchaki raqam emas – bu katta marketing strategiyasi. Bugungi raqobat kuchli bo‘lgan davrda kontent marketing eng samarali vositalardan biriga aylanmoqda. Netflix esa buni mukammal darajada ishlatmoqda.

Netflixning marketing yondashuvi nima uchun bu shunchalik samarali ekanini bilasizmi?

1. Kontent – asosiy mahsulot

Agar an’anaviy bizneslarda mahsulot yoki xizmat sotilsa, Netflix uchun asosiy mahsulot – kontentning o‘zi. Ular faqatgina obunani sotish bilan cheklanib qolmay, balki auditoriyani ekran oldida uzoqroq ushlab turish va ularda platformaga qaramlik hissini uyg‘otish uchun doimiy ravishda yangi filmlar, seriallar, hujjatli filmlar yaratmoqda.

Boshqacha qilib aytganda, Netflix sotuvlar strategiyasini mijozlarni "qayta-qayta" platformaga qaytarish orqali shakllantiradi.

2. Brendning o‘rni mustahkamlanmoqda

Netflix shunchaki kontent ishlab chiqaruvchi emas, u trend yaratuvchi brend. Masalan, "Wednesday", "Bridgerton", "The Electric State" kabi loyihalar nafaqat muvaffaqiyatli bo‘ldi, balki yangi moda va madaniy trendlarni shakllantirdi.

• "Wednesday" chiqishi bilan qora liboslar va gotik uslub TikTok va Instagram’da trendga aylandi.

• "Squid Game" nafaqat o‘yin seriali bo‘ldi, balki butun dunyo bo‘ylab ko‘plab reklama kampaniyalari va brendlar uchun ilhom manbai bo‘ldi.

Brend mavqeini mustahkamlash uchun Netflix o‘z mahsulotlarini shunchaki namoyish etmaydi, balki ularni trendga aylantirish strategiyasini qo‘llaydi.

3. Global auditoriya

Netflix marketing jamoasi bir segment yoki geografik hududga emas, balki barcha tomoshabinlarga mos keladigan global strategiya ishlab chiqmoqda.

• Koreya dramalariga talab ortib borayotganini ko‘rib, Netflix ushbu segmentga katta sarmoya kiritdi.

• Yapon animelarining auditoriyasi tez o‘sayotganini sezib, Netflix o‘zining eksklyuziv anime loyihalarini ishlab chiqmoqda.

• Hujjatli filmlar va reality-shoular orqali turli yoshdagi va qiziqishdagi auditoriyalarni qamrab olishga harakat qilmoqda.

Bu nimani anglatadi? Brend o‘z mahsulotlarini maqsadli auditoriya ehtiyojlariga moslashtirish orqali muvaffaqiyatga erishmoqda.

4. Jonli sport – yangi o‘sish nuqtasi

Netflix yaqinda NFL o‘yinlarini jonli efirda ko‘rsatib, 65 million tomoshabinni jalb qildi. Bu Netflix uchun marketing strategiyasining yana bir innovatsion qadamidir. Ular tomoshabinlar doirasini kengaytirish uchun yangi formatlarga sarmoya kiritmoqda:

• Sport translyatsiyalari – raqobatchilardan ajralib turish yo‘li.

• Real vaqt rejimidagi jonli efirlar – obunachilarni jalb qilish va ushlab qolish strategiyasi.

• Eksklyuziv huquqlar orqali auditoriyani o‘z platformasiga bog‘lab olish.

Buning marketingdagi ahamiyati shundaki, Netflix yangi segmentlarga kirish orqali brendning auditoriya bazasini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Marketingdagilar bundan qanday saboq olishlari mumkin?

Netflix strategiyasidan marketing olamida quyidagi saboqlarni olish mumkin:

• Kontent – eng kuchli marketing quroli. Mijozlarni ushlab qolish uchun ularga qiziqarli va o‘ziga tortadigan mazmun berish kerak.

• Xaridorlarning ehtiyojlarini tushunish va ularga mos taklif berish muvaffaqiyat kaliti. Auditoriya qayerga yo‘nalganini ko‘rib, mos ravishda harakat qilish kerak.

• Bozorni kengaytirish uchun yangi format va yo‘nalishlarni sinab ko‘rish shart! Bitta formatga yopishib qolish – biznesni cheklab qo‘yishi mumkin. Netflix esa har yili yangi tajribalarga sarmoya kiritib, oldinga intilmoqda.

• Brend nafaqat mahsulot sotishi, balki madaniyat yaratishi kerak! Trendlarni belgilash orqali mijozlarni brendga bog‘lash mumkin.
Tavsiya Biznes