Barcha xabarlar

Marketolog turlari haqida maqola | 2-qism

Biz Siz bilan marketolog turlari va ularning asosiy vazifalarini o‘rganib borayotgan edik. O‘tgan safargi maqolada marketing direktori (Chief Marketing Officer, CMO) va uning kompaniyadagi vazifalari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdik.

Bu safargi mavzumiz esa marketing bo‘limi rahbari (Marketing Manager/Head of Marketing) haqida bo‘ladi.

Marketing bo‘limi rahbari (Marketing Manager/Head of Marketing)
Marketing bo‘limi rahbari kompaniyaning marketing faoliyatini muvaffaqiyatli olib borish uchun mas’ul bo‘lgan yuqori lavozimli mutaxassisdir. Kichikroq kompaniyalarda yoki maxsus marketing bo‘limlarida u Chief Marketing Officer (CMO)ning vazifalarini ham bajara oladi.

Marketing bo֥‘limi rahbari kompaniyaning turli yo‘nalishlaridagi marketing xodimlarini boshqaradi va umumiy marketing strategiyasini ishlab chiqishda muhim rol o‘ynaydi.

Marketing bo‘limi rahbarining vazifalari:
1. Marketing xodimlarini boshqarish: Marketing bo‘limi rahbari digital marketologlar, SMM mutaxassislari, kopirayter, dizayner va boshqa marketing xodimlarini bevosita boshqaradi. Ularning kundalik faoliyatlarini nazorat qiladi va ularga vazifalar taqsimlaydi.
2. Marketing kampaniyalarini rejalashtirishdagi ishtirok: U CMO bilan birgalikda marketing kampaniyalarini rejalashtiradi, ularni amalga oshirish uchun strategiyalar ishlab chiqadi va resurslarni taqsimlaydi. Kampaniyalar kompaniyaning maqsadlariga mos kelishini ta’minlash uchun ularni kuzatib boradi.
3. Budjetni taqsimlash: CMO budjetni belgilasa, marketing bo‘limi rahbari marketing faoliyatlari uchun budjetni va resurslarni samarali taqsimlashni ta’minlaydi. U har bir kampaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlarini nazorat qiladi.
4. Hisobot tayyorlash: amalga oshirilgan marketing kampaniyalari haqida hisobot tayyorlaydi va bu hisobotlarni CMOga yoki kompaniya rahbariyatiga taqdim etadi. Hisobotlar kampaniyalarning samaradorligini baholash va kelajakdagi marketing strategiyalarini yaxshilash uchun muhimdir.
5. Marketing strategiyasining ijrosini monitoring qilish: marketing bo‘limi rahbari kompaniyaning umumiy marketing strategiyasini ishlab chiqishda ishtirok etadi, bozordagi o‘zgarishlarni kuzatib, strategiyani moslashtiradi va yangi imkoniyatlarni aniqlaydi.
6. Bozor tahlili va tadqiqotlar: marketing bo‘limi rahbari bozorni o‘rganish va tahlil qilish orqali yangi mahsulotlar yoki xizmatlar uchun imkoniyatlarni aniqlaydi, raqobatchilarni kuzatib boradi va kompaniya uchun raqobatbardosh strategiyalar ishlab chiqadi.
7. Brendni rivojlantirish: brend imidjini saqlash va uni rivojlantirish marketing bo‘limi rahbarining muhim vazifalaridan biridir. U brendni bozorga to‘g‘ri joylashtirish va brendning qiymatini oshirish uchun rejalar ishlab chiqadi.

Marketing bo‘limi rahbari kompaniyaning marketing faoliyatlarini birlashtirib, ularning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlaydi. Shuningdek, rahbariyatga marketing bo‘yicha maslahatlar beradi va kompaniyaning bozorga ta’sirini oshirish uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘radi.
2024-08-09 17:01 Tavsiya Marketing O'zimizda