Barcha xabarlar

McKinsey va narkotik savdosi mojarosi — biznesning axloqiy chegaralari qanday belgilanadi?

McKinsey & Company — global miqyosdagi yirik boshqaruv konsalting kompaniyasi bo‘lib, 1926-yilda James O. McKinsey tomonidan AQShda tashkil etilgan. Qariyb yuz yillik tarixga ega kompaniya bugungi kunda 65 dan ortiq mamlakatda 130 dan ortiq ofislarga ega bo‘lib, turli sohalarda faoliyat yurituvchi tashkilotlar, davlat idoralari va korporatsiyalarga strategik maslahatlar beradi.
McKinsey butun dunyo bo‘ylab mijozlariga o‘sish strategiyalarini ishlab chiqishda yordam berib keladi, biroq so‘nggi yillarda uning ismi turli mojarolarda tilga olinmoqda. Eng yirik va ta’sirchan mojarolardan biri opioid dorilar bilan bog‘liq bo‘ldi.
Opioidlar qanday preparatlar va ularning salbiy ta’siri nimada?
Opioidlar — bu kuchli og‘riq qoldiruvchi dorilar bo‘lib, markaziy asab tizimiga ta’sir qiladi va og‘riq sezgisini kamaytiradi. Ular o‘zining yuqori samaradorligi tufayli tibbiyotda keng qo‘llanilgan, biroq uzoq muddatli qo‘llanilishida qaramlik va sog‘liq muammolariga sabab bo‘lishi mumkin.
Mashhur opioid preparatlaridan biri OxyContin bo‘lib, uni Purdue Pharma kompaniyasi ishlab chiqargan. Ushbu dori og‘riqni kamaytirishda samarali bo‘lsa-da, uzoq muddat foydalanish natijasida qaramlik keltirib chiqarishi aniqlangan. Shunga qaramay, bu dorilar AQShda juda keng tarqalgan va ularning haddan tashqari ishlatilishi opioid inqiroziga sabab bo‘ldi.
McKinsey va Purdue Pharma hamkorligi
2004-yildan 2019-yilgacha bo'lgan 15 yil davomida McKinsey & Company Purdue Pharma hamda boshqa opioid ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga maslahat xizmatlarini ko‘rsatgan. McKinsey opioid dorilar savdosini oshirish strategiyalarini ishlab chiqib, Purdue Pharma kompaniyasiga quyidagicha maslahatlar bergan:
• Hukumat tartib-qoidalaridan chetlab o‘tish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar bergan;
• OxyContin sotuvini "turbo tezlikda" oshirish usullarini taklif qilgan;
• OxyContin dorisini haddan tashqari ko‘p doza qabul qilish natijasida vafot etgan yoshlarning onalari tomonidan bildirilgan tanqidiy fikrlarga qarshi strategiyalar ishlab chiqqan;
• Dorixonalarga opioid iste'moli tufayli yuzaga kelgan qaramlik va haddan tashqari doza holatlari uchun pul kompensatsiyasi to‘lashni tavsiya qilgan.
2019-yilda McKinsey Purdue Pharma kompaniyasi bilan hamkorlikda CVS dorixonalari orqali opioid dorilar sotilishi natijasida 2,400 dan ortiq mijoz haddan tashqari doza qabul qilishi yoki opioidga qaram bo‘lishini taxmin qilgan. Ushbu strategiya asosida Purdue Pharma CVS dorixonalariga har bir haddan tashqari doza yoki qaramlik holati uchun 14,810 dollar to‘lashi rejalashtirilgan.
McKinsey'ning javobgarlikka tortilishi
2018-2019 yillarda McKinsey farmatsevtika kompaniyalari uchun kamida 400 million dollar qiymatidagi konsalting xizmatlarini ko‘rsatgan. U, shuningdek, opioid ishlab chiqaruvchi boshqa yirik kompaniyalar — Mallinckrodt va Endo International bilan hamkorlik qilgan. Endo International kompaniyasi uchun Opana dori vositasining marketing strategiyasini ishlab chiqishda ishtirok etgan va bel og‘rig‘i bilan bog‘liq muammolarni davolovchi shifokorlarni maqsadli targ‘ibot qilishni tavsiya qilgan.
McKinsey & Company opioid dorilar bilan bog‘liq ayblovlar doirasida turli da’volar asosida bir necha marta jarimaga tortilgan:
• 2021-yil fevral — McKinsey AQShning 49 shtati, beshta hududi va Kolumbiya okrugi bilan kelishuvga erishib, opioid savdolarini rag‘batlantirishda tutgan roli uchun 600 million dollar to‘lagan.
• 2023-yil dekabr — Reuters xabariga ko'ra, McKinsey opioid inqirozini kuchaytirishda ishtirok etgani sababli sog‘liqni sug‘urtalovchi kompaniyalar bilan 78 million dollarlik kelishuvga erishgan.
• 2024-yil — AQSh Adliya vazirligi McKinsey kompaniyasiga qarshi opioid ishlab chiqaruvchilarga savdoni oshirish bo‘yicha maslahat berganlik uchun jinoiy ish ochgan. Katta hay’at kompaniyaga qarshi qo‘yilishi mumkin bo‘lgan ayblovlarni ko‘rib chiqqan.
• 2024-yil dekabr — McKinsey Adliya vazirligi bilan 650 million dollarlik kelishuvga erishgan va kelgusi besh yil davomida kuchli ta’sir qiluvchi dorilar marketingi bilan shug‘ullanmaslik majburiyatini olgan.
Bundan tashqari, 2022-yil aprelda The New York Times gazetasi McKinseyning ba’zi maslahatchilari bir vaqtning o‘zida ham hukumat mijozlari (masalan, AQSh Oziq-ovqat va farmatsevtika boshqarmasi — FDA), ham farmatsevtika kompaniyalari (masalan, Purdue Pharma) bilan ishlaganini ochiqlagan. Bu holat kompaniyaning ichki axloqiy qoidalariga zid bo‘lgan.
Konsaltingning axloqiy chegaralari
Bu mojaro strategik konsalting sohasida muhim axloqiy savollarni kun tartibiga chiqardi. Traditsion yondashuvga ko‘ra, maslahatchilar faqat maslahat beradi, qaror esa mijozning o‘ziga bog‘liq. Biroq, McKinsey ishi shuni ko‘rsatdiki, strategik maslahatchilar ham o‘z maslahatlarining natijalari uchun javobgar bo‘lishi mumkin.
McKinsey bilan bog‘liq bu voqea sohadagi mutaxassislar uchun muhim bir dars desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Konsalting kompaniyalari axloqiy tamoyillarga rioya qilib, insonlar hayoti uchun xavfli loyihalardan voz kechishlari lozim.
Strateg mutaxassislar o‘z faoliyatlari davomida tamaki, alkogol, qimor yoki siyosiy kampaniyalar kabi axloqiy jihatdan bahsli sohalarga aralashmasligi maqsadga muvofiq.
Fikrimizcha, strateglar va konsalting firmalari axloqiy va insoniy qadriyatlariga rioya qilib, bunday loyihalarga konsalting xizmatini ko‘rsatmasligi, bu mojaro McKinsey va boshqa konsalting firmalari uchun jiddiy saboq bo‘lishi, kimningdir moliyaviy foydaga erishishi boshqalarning moddiy va ma’naviy zararga uchrashi evaziga amalga oshmasligi kerak.
Siz-chi, nima deb o‘ylaysiz, dorilarni reklama qilish qanchalik to‘g‘ri?
Tavsiya Biznes Chet elda