Barcha xabarlar

Endi IT sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga IT park rezidenti maqomi beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-iyun kuni yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Ushbu yig‘ilishda IT sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar – frilanserlar 50 mingdan oshgani qayd etildi. Ular yiliga ellik, yuz, hatto ikki yuz ming dollargacha eksport qilmoqda.

Endilikda, ma‘lum qilinishicha

- IT sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga IT park rezidenti maqomi beriladi;

- ular uch yil muddatga barcha soliqlardan ozod qilinadi;

- IT park tomonidan IT kompaniyalardagi kabi tibbiyot, sport va ofisdan foydalanishi uchun ularga “ijtimoiy karta” beriladi;

- yoshlarni ushbu sohaga jalb qilish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi.

Yoshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga o‘rgatish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha ham katta o‘zgarishlar bo‘ladi. Buning uchun har yili 100 million dollar ajratiladi. Investitsiya vazirligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi Yoshlar agentligiga o‘tkaziladi.

Jamg‘arma, yoshlarning eng yaxshi 500 ta loyihasini tanlab oladi va ularga “biznes paket” qilib beradi, loyihani tayyor biznesga aylanib, daromad keltirishgacha barcha jarayonida ko‘maklashadi, bozorini topadi.

Shuningdek, har bir viloyatdagi bittadan Barkamol avlod markazida “Kreativ sanoat parklari” tashkil qilinadi. Ularga IT park rezidentlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi.

“Kreativ sanoat parklari” oliygohlar va yirik ishlab chiqaruvchilarga biriktiriladi. Bu parklar yosh tadbirkorlar, ilm va biznes o‘rtasida muloqot maydonchasi bo‘ladi.

Jamg‘arma bu yerdagi yoshlarning startaplariga uch yilga 100 million so‘mgacha ssuda beradi.

Ushbu yosh tadbirkorlarga faoliyatini kengaytirish va aylanma uchun keyinchalik 100 million so‘m imtiyozli kredit beriladi.

“Kreativ sanoat parklari”ni rivojlantirish uchun bu yilni o‘zida 10 million dollar yo‘naltiriladi. Shuningdek, 2-4 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha To‘rtinchi butunjahon anjumani o‘tkaziladi.

O'zimizda Biznes