Barcha xabarlar

KIA moslashuvchan kelajak elektromobillari PBV konsepsiyasini taqdim etdi

KIA Las-Vegasda bo‘lib o‘tgan Maishiy elektronika shousi — CES-2024’da o‘zining Platform Beyond Vehicle (PBV) elektromobillar to‘plami konsepsiyasi bilan qatnashdi.

CES-2024 ko‘rgazmasida Janubiy Koreyaning KIA avtomobil ishlab chiqaruvchisi PBV (Platform Beyond Vehicle) tijorat maqsadlarida foydalaniladigan ko‘p funksiyali elektromobillar konsepsiyasini namoyish etdi. Ushbu texnologiya, ehtiyojga qarab elektromobilning funksional qismlarini osongina o‘zgartirish orqali, shaharlarda qatnov, yuk tashish va boshqalarda moslashuvchanlikni taklif qiladigan elektr transport vositalarini o‘z ichiga oladi.

Ko‘rgazmada Kia PBV’ning PV1, PV7 va uchta PV5 kontseptual modellari namoyish etildi. Ular bir biridan hajmi va ishlatilish maqsadi jihatidan farq qiladi. Kichikroq avtomobil Kia PV1 ixcham shahar transport vositasi bo‘lsa, Kia PV7 yirik furgon va mikroavtobus vazifasini bajarishga mo‘ljallangan. O‘rta variant, Kia PV5, ommaviy ishlab chiqarishga eng yaqin model hisoblanib, o‘lchamlari bo‘yicha mashhur Volkswagen Transporter/Caravelle yoki Peugeot Traveler/Expert modellariga o‘xshaydi.

Salkam 3 daqiqalik videorolikda ushbu turdagi elektromobillarning ommabop va qulay ekanligi, nogironligi bor shaxslarga istalgan joyga qiyinchiliksiz yetib olishlari imkoniyati, bundan tashqari biznes egalari hamda kargo yetkazib berish xizmatlari kabi turli sohalarga optimallashtirilganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, platforma avtonom haydash uchun keng imkoniyatlar, avtopark xodimlari uchun ekspluatatsiya va texnik nazoratni osonlashtirish uchun maxsus dasturiy ta’minotni taqdim etadi.

Kia 2025-yilda PV5 modelini ommaviy ishlab chiqarishni boshlamoqchi va buning uchun Xvasonda yiliga 150 000 dona PBV elektromobillari ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod tashkil etilishi kutilmoqda.

Marketing o’zbek tilida — @marketingbolimi

This browser does not support the video element.

2024-01-24 16:55 Chet elda