Barcha xabarlar

Xalqaro brendlarning mahalliy hamkorlariga 1 million dollardan kam bo‘lmagan grantlar ajratiladi

Brend mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar beriladi.

Shavkat Mirziyoyev xorijiy brendlar bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuasini tasdiqladi. Prezident qarori Lex.uz bazasida e’lon qilindi.

Savdo-sanoat palatasi "O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan" (Made in Uzbekistan) belgisini ilgari surish dasturini amalga oshiradi. Uning maqsadi mahalliy biznesni xalqaro brendlar yaratgan global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga kiritishdan iborat.

Buning uchun SSP maxsus elektron platforma ishga tushiradi. Unda har yili 1-aprelgacha reytinglarning eng so‘nggi versiyasidagi dastlabki 500 ta o‘rindan tanlab olingan mashhur xalqaro sanoat brendlari ro‘yxati e’lon qilinadi.

Ro‘yxatdagi xalqaro brendlar bilan O‘zbekistonda ularning mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzgan, yuqori va o‘rta barqarorlik reytingiga ega kompaniyalarga kamida 1 million dollargacha grant ajratiladi

Shuningdek, ularning quyidagi xarajatlari qoplab beriladi:
— xalqaro standartlarni joriy etish, muvofiqlikni sertifikatlash, ekologik sertifikatlash;
— muhandis-texnologlar, marketologlar, modeler-dizaynerlar (to‘qimachilik, charm-poyabzal, zargarlik, mebel korxonalari uchun) va boshqa mutaxassislarning malakasini oshirish.

Bundan tashqari, ular brend mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha turdagi xomashyolarga uch yilgacha bojxona bojidan ozod qilinadi. Biroq, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi kamida 60 foizni tashkil etishi shart.

Xalqaro brendlar ostida kamida 30 foiz mahsulot ishlab chiqaradigan hamkorlar yer, mol-mulk va suv soliqlarini 50 foizga kamaytirilgan stavkalarda to‘laydi.

Investitsiyalar vazirligi SSP bilan birgalikda ro‘yxatdagi xalqaro brendlar egalari bilan muzokaralar olib boradi. Har yili Vazirlar Mahkamasiga xorijiy brendlar ostida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha "yo‘l xaritalari" taqdim etiladi.

Mahalliy biznes uchun xorijiy hamkorlar talablariga moslashish bo‘yicha tavsiyanomalar e’lon qilinadi. Shuningdek, jarayonlarni talablarga muvofiqlashtirish bo‘yicha seminarlar tashkil etiladi.
Tavsiya O'zimizda Biznes